Deadline : 23.10.2023 23:59 #Startup
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-ilovasiga muvofiq tashkil etiladi.
Startap loyihalarni qabul qilishda qo‘yiladigan shartlar:
Tanlovda ishtirok etuvchi “startap” loyiha tashabbuskorlari arizalari 2023-yil 31-avgustdan 23-oktabrga qadar qabul qilinadi;
Loyiha tashabbuskori Rossiya tomonidan ham hamkorga ega bo‘lishi va ushbu hamkor tomonidan tegishli mavzuda Rossiya tomonidan ariza topshirishi zarur (Rossiya tanlovi havolasi e’lon pastida);
startap loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan bo‘lishi (kompaniya bo‘lgan taqdirda asosiy ulushdorlardan bo‘lishi) lozim;
startap loyiha tashabbuskori (1 ta ishtirokchi) 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi mumkin;
startap loyihalar asosida tayyor mahsulot, dasturiy mahsulot, xizmatlar va texnologiyalar yaratishning hamda vazirlik tomonidan moliyalashtirishning eng ko‘p muddati 1 yildan oshmasligi lozim.
Startap loyihalar tanlovini o‘tkazish shartlari:
Tanlovda ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi barcha yo‘nalishdagi istiqbolli startap-loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan arizalar qabul qilinadi. Ular mualliflik innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart;
arizalarni yuridik va jismoniy shaxslar taqdim etishi mumkin (Arizalar jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan taqdirda – loyiha tanlov Kollegial organi tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgandan so‘ng yuridik korxona ochish to‘g‘risida kafolat xati ilova qilinishi shart).
Startap loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
Loyihaning innovatsionligi – Respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha Respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk obyekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat turini yaratishni ko‘zda tutadi;
Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
Loyiha jamoasining tegishli soha mutahassislari bilan ta’minlanishi, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, tashkilotda kerakli asbob-uskunalar va ilmiy ob’ektlar infratuzilmalarining mavjudligi;
Loyihaning investitsion jozibadorligi – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;
Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k;
Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish;
Tanlovga arizalar tomonlar o‘rtasida kelishilgan holda, mos ravishda taqdim qilinishi shart. Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari PDF shaklida https://forms.gle/h9bsVV9LucBR64uD7 pochtasiga yuborilishi lozim:
Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;
Startap loyiha pasporti;
Xarajatlar smetasi;
Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda);
Loyihaning Rossiya tomonidan ishtirokchisi haqida ma’lumot;
Startap loyiha taqdimoti (10 slayd ) yoki planshet shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi (5 daqiqadan oshmaydigan video shaklida tayyorlangan ma’lumotlar ma’qullanadi).
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.
Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:
Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;
Loyihaning Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishtirokchisi haqida ma’lumotning mavjud emasligi;
Startap loyiha hujjatlari tanlov talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi;
Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;
Startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;
Startap loyihaning avvalgi tanlovlarda g‘olib bo‘lganligi;
Startap loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan grant mablag‘larining bino va transport vositalarini harid qilish va qurilish-ta’mirlash ishlariga sarflash rejalashtirilganligi;
Xarid qilinishi rejalashtirilgan uskuna, mahsulot, ish va xizmatlar tarkibida loyihani amalga oshirish jarayonida bevosita talab etilmaydigan yoki narxi joriy bozor qiymatidan qimmat yozilgan holatlar mavjud bo‘lganligi.
Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi
va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
Loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgandan keyin amalga oshirish jarayonida loyihaning sotish rejasi va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi prognoz hisoboti ma’lumotlari bo‘yicha 10% dan ortiq salbiy farq yuzaga keladigan bo‘lsa noto‘g‘ri rejalashtirilgan hamda salbiy farqlar bo‘yicha loyihani amalga oshirgan tashkilot va loyiha rahbari bevosita javobgar hisoblanadi (favqulodda holatlar bundan mustasno). Loyiha pasporti, xarajatlar smetasi va kalendar rejasida ko‘rsatilgan ishlar hamda xarajatlarni amalga oshirishda og‘ishishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Innovatsion rivojlanish agentligining tanlov bosqichlaridagi natijalar borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi!
Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalari va tanlov bosqichlari bo‘yicha tanlovning texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-23 (ichki raqam: 216, 747)
Rossiya tomonidan tanlovga https://fasie.ru/press/fund/russia-uzbekistan-2023/ havolasi orqali ariza yuborishingiz lozim.
Aloqa ma’lumotlari:
Levchenko Olga Georgiyevna
+7 (495) 249 249 2 (165)





